Logo

Pokiston kompaniyasi rahbariyati bilan Namanganda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

Aprel 23, 2026. 14:25 • 3 daq

109
Pokiston kompaniyasi rahbariyati bilan Namanganda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Pokiston kompaniyasi rahbariyati bilan Namanganda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Pokiston kompaniyasi rahbariyati bilan Namanganda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

FEYSALOBOD, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev amaliy tashrif bilan Pokistonning sanoat va iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlaridan biri – Panjob viloyatiga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida mazkur hududda faoliyat yuritayotgan «Diamond Export Industries» kompaniyasiga tashrif buyurib, korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida kompaniya rahbari Xurram Shaxzad bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xususan, O‘zbekistonda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Elchi Alisher To‘xtayev muloqot chog‘ida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay muhit hamda xorijiy investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarning imkoniyatlari, ularda amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, infratuzilmaning rivojlanganligi hamda investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar alohida taʼkidlandi.

Suhbatdoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalari, ayniqsa to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi qayd etildi.

Kompaniya rahbari Xurram Shaxzad «Diamond Export Industries» tomonidan Namangan viloyatidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur loyiha mahalliy va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat majmuasini barpo etishni nazarda tutadi.

«2023-yilda O‘zbekiston Prezidentining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu loyiha bo‘yicha taqdimot o‘tkazgan edik, – dedi Xurram Shaxzad. – 2024-yilning to‘rtinchi choragida loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish ishlari boshlandi. Auksion orqali ajratilgan yer maydonida qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Hozirgi vaqtga qadar loyihaga 1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Biz ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishdan manfaatdormiz va bu boradagi rejalarimiz jiddiy va uzoq muddatlidir».

Uchrashuvda mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirishni yana-da jadallashtirish, yuzaga kelayotgan tashkiliy va texnik muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida tegishli davlat idoralari va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida amaliy qadamlar belgilab olindi. Xususan, «Diamond Export Industries» kompaniyasi tomonidan Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan to‘qimachilik majmuasini qurish loyihasini jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi vakillari bilan alohida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Ushbu muloqot doirasida loyihani yana-da samarali amalga oshirish, mavjud masalalarga tezkor yechim topish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish