Polsha delegatsiyasi Toshkent va Samarqandda investitsiya va hamkorlik imkoniyatlarini o‘rgandi
Aprel 23, 2026. 11:02 • 2 daq
• 106VARSHAVA, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Polshadagi Plosk shahri meri Andjey Novakovskiy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tashrif hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va yangi amaliy yo‘nalishlarni belgilash maqsadida amalga oshirildi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov va Nurafshon shahar hokimi Ilhom Kilichxanov bilan uchrashdi.
Suhbat jarayonida savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamkorlik va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya aʼzolari Toshkent viloyatidagi erkin iqtisodiy hudud faoliyati bilan tanishdi. U yerda sanoat salohiyati, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, logistika imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Polsha tomoni mazkur hududda amalga oshirilayotgan loyihalarga katta qiziqish bildirib, qator yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Polshaliklar “UzCaseMash” va “Alpikus” korxonalariga ham tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari va investitsiya imkoniyatlari bilan tanishdi.
Uchrashuvlarda tomonlar Nurafshon va Plosk shaharlari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish va ularni mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldi.
Tashrif davomida delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markazi, Toshkent shahridagi tarixiy va madaniy qadamjolar bilan ham tanishdi. Polsha vakillari O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turistik imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Polshalik mehmonlar Samarqand viloyati rahbariyati bilan ham uchrashib, hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha tashabbuslarni muhokama qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



