O‘zbekistonlik hojilar xalqimizni duo qilmoqda

May 21, 2026. 20:35 • 3 daq

64
O‘zbekistonlik hojilar xalqimizni duo qilmoqda

TOSHKENT, 21-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado etayotgan qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila aʼzolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam taʼminlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.

Prezidentimiz ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini taʼkidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etdi.

Suhbatda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz qalbi, maʼnaviyati va maʼrifatiga katta ijobiy taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha fayz va shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshlarimizni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilishga ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilarimiz yurtga qaytgach, islom maʼrifati va sog‘lom eʼtiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va maʼnaviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirdi.

Suhbat yakunida Prezidentimiz barcha hojilarimizga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtimizga sog‘-omon qaytishlarini tiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish