“The Korea Post”: O‘zbekiston yangi yo‘nalishlar va sheriklik aloqalari hisobidan turizmni jadal rivojlantirmoqda
Oktabr 14, 2026. 18:30 • 2 daq
• 4
SЕUL, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “The Korea Post” nashrida O‘zbekiston sayyohlik sohasidagi yutuqlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 9,1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘pdir. Bunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishi ta’kidlanib, xususan, Rossiyadan kelgan sayyohlar oqimi 30,8 foizga (deyarli 868 ming kishi), Ozarbayjondan esa 63,3 foizga (22 ming kishi) oshgani qayd etilgan.
Shuningdek, Moskvadagi “MITT-2026” ko‘rgazmasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar, “Qozon – Toshkent” aviareysining yo‘lga qo‘yilgani hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan 2025-yilda Frankfurt, Vena, Syurix, Budapesht, Praga va Barselona shaharlarida tashkil etilgan “Highlights of the Silk Road” yevropacha roud-shoulari alohida tilga olingan.
Nashrda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik masalalariga ham keng o‘rin berilgan. Xususan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan 2026–2027-yillarda turizm sohasida hamkorlik dasturi loyihasi tayyorlangani, shuningdek, chegaralardan o‘tishning soddalashtirilgan mexanizmi bir nechta davlat bo‘ylab sayohat qilishni yanada qulaylashtirayotgani yozilgan.
Maqola yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 59-yillik majlisida ilgari surgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi”ni yaratish tashabbusi alohida ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi