Pyer-Pol Antonissens: So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqiqatan ham hayratlanarli bo‘ldi
Avgust 10, 2026. 13:00 • 2 daq
• 65
PARIJ, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “EDF” fransuz kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi vakili Pyer-Pol Antonissens mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekistonda uch bor ishlash baxtiga muyassar bo‘lganman. Oilam bilan bu mamlakatda qariyb 15 yil yashadim. O‘tgan vaqt ichida mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yildagi o‘zgarishlar chindan ham hayratlanarli bo‘ldi.
Biz mamlakatni dunyoga ochgan va sarmoyalarni jalb etish imkonini bergan iqtisodiy tashabbuslar shohidi bo‘ldik. Aynan shu o‘zgarishlar tufayli men yana O‘zbekistonga qaytdim. EDF kompaniyamiz yirik loyihani qo‘lga kiritdi. 2022-yilda “EDF Uzbekistan” kompaniyasini tashkil etish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishni boshlash uchun Toshkentga keldik.
Bugungi kunda energetika sohasida faol ish olib boryapmiz. Sirdaryo viloyatida yirik gaz elektr stansiyasini qurmoqdamiz. Mamlakatning boshqa hududlarida ham katta loyihalar bilan shug‘ullanyapmiz va faoliyatimizni davom ettirishga umid qilamiz. Hozirda Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyasini qurish hamda O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini xususiylashtirishda faol ishtirok etishni rejalashtirmoqdamiz.
Aytishim joizki, O‘zbekistonda ishlash insonga zavq bag‘ishlaydi. Faqat ishlash emas, balki shunchaki yashashning o‘zi ham. Bu yerning iqlimi ajoyib, odamlari esa juda mehmondo‘st va ochiqko‘ngil.
Shu bois barcha xalqaro kompaniyalarga bu yerga kelib, hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni tavsiya qilaman. Bundan tashqari, Yevropa–O‘zbekiston va Fransiya–O‘zbekiston savdo palatalari doirasida kompaniyalarga yordam beramiz, ularga maslahatlar berib, O‘zbekistonga sarmoya kiritish istagida bo‘lganlarga hamrohlik qilamiz.
Mamlakatda barcha zarur sharoitlar mavjud: xalqaro maktablar, zamonaviy do‘konlar, savdo markazlari. Bu yerda zamonaviylik va anʼanalar, sharqona bozorlar va yangi supermarketlar o‘zaro uyg‘unlashib ketgan. Har safar ikkilanayotgan investorlarga doim shunday deyman: keling, O‘zbekistonga sarmoya kiriting – aslo afsuslanmaysiz.
Fursatdan foydalanib, barcha o‘zbekistonlik do‘stlarim va hamkorlarimni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklayman. Nasib qilsa, Mustaqillik bayramida nishonlash uchun Toshkentda sizlar bilan birga bo‘laman.
Kelayotgan qutlug‘ shodiyona bilan barchani qutlayman!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi