Islomobodda oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston-Pokiston hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari belgilab olindi
Iyun 07, 2026. 09:10 • 3 daq
• 106
ISLOMOBOD, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha davlat vaziri Vajiha Qamar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ayniqsa oliy ta’lim tizimidagi aloqalarni mustahkamlash, professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish va ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlat vaziri Vajiha Qamar O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda ta’lim sohasini modernizatsiya qilish, xususan oliy ta’lim tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni yuksak baholadi.
«O‘tgan yili YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifim davomida mamlakatingizdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga shaxsan guvoh bo‘lganman, – dedi Vajiha Qamar. – Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasida hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligiga yana bir bor ishonch hosil qildim».
Uchrashuv davomida O‘zbekiston mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish maqsadida pokistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Pokiston tomoni O‘zbekiston iqtisodiyoti, ayniqsa to‘qimachilik sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash va ularni yetkazib berish, kasbiy ta’lim sohasida o‘zaro manfaatli asosda mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik o‘rnatish, xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘rtasida ayni paytda muhokama qilinayotgan bir qator muhim loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Jumladan, Pokistonda Toshkent tibbiyot universitetining filialini tashkil etish yoki qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Pokiston Fan va texnologiyalar milliy universitetida O‘zbekiston kafedrasini ochish, shuningdek, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Pokiston Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik vazirligi o‘rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbolli va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini aniqlash, aniq amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish maqsadida Pokiston Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha davlat vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi