“Komsomolskaya pravda” gazetasi: O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasida gastronomik turizm tobora kengaymoqda

Iyun 25, 2026. 15:00 • 2 daq

12
“Komsomolskaya pravda” gazetasi: O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasida gastronomik turizm tobora kengaymoqda

MOSKVA, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning ommabop “Komsomolskaya pravda” nashrida O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasidagi gastronomik diplomatiyaga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi “Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti axborotnomasi” rasmiy ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqot haqida so‘z yuritilgan. Mazkur material Rossiya–O‘zbekiston madaniy-gumanitar hamkorligini mustahkamlashda gastronomik diplomatiya va gastronomik turizmning o‘rniga bag‘ishlangan.

Tadqiqot mualliflari 2025–2026-yillarga oid dolzarb statistik ma’lumotlar va bozor tendensiyalariga tayanib, o‘zbek pazandachilik madaniyatining Rossiya ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va restoranlar sohasiga integratsiyalashuvi dinamikasini tahlil qilgan.

Ushbu tadqiqotda an’anaviy o‘zbek oshxonasining madaniyatlararo muloqotning muhim vositasi sifatidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Olimlarning fikricha, u nafaqat gastronomik brend sifatida namoyon bo‘ladi, balki ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi.

Bundan tashqari, tadqiqotda globallashuv va ovqatlanish odatlarining birxillashuvi sharoitida pazandachilik merosining o‘ziga xosligini saqlashga qaratilgan Rossiya va O‘zbekistonning qo‘shma strategik dasturini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham keltirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish