Pokiston OAV: O‘zbekiston agrar sohasida raqamlashtirish va bozor mexanizmlari kengaymoqda

Iyun 24, 2026. 10:58 • 3 daq

Pokiston OAV: O‘zbekiston agrar sohasida raqamlashtirish va bozor mexanizmlari kengaymoqda
Pokiston OAV: O‘zbekiston agrar sohasida raqamlashtirish va bozor mexanizmlari kengaymoqda
Pokiston OAV: O‘zbekiston agrar sohasida raqamlashtirish va bozor mexanizmlari kengaymoqda

ISLOMOBOD, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistoning “Diplomatic News Agency”, “Islamabadpost”, “Sentreline”, “Pakistan In The World” nashrlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi o‘rinbosari Zafar Mustafoqulov yozganidek, so‘nggi 9 yilda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ushbu o‘zgarishlar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sohani raqamlashtirish hamda bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qayd etilganidek, yangi yondashuv natijasida qishloq xo‘jaligi bosqichma-bosqich maʼmuriy boshqaruvdan iqtisodiy erkinlik va raqobat muhitiga o‘tmoqda.

“Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ajratishda ochiqlik va shaffoflik taʼminlanib, elektron auksion tizimi joriy etildi. Bu fermerlarga yerdan foydalanish huquqini qonuniy va kafolatlangan asosda amalga oshirish imkonini bermoqda. Eng muhimi, yer ijara huquqini asossiz bekor qilishga cheklovlar o‘rnatildi. Endi yer ijara munosabatlari tomonlar kelishuvi yoki sud qarori asosida hal etiladi. Bu esa fermerning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi”, deya yozgan muallif.

Fermerlar faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni keskin qisqartirish va mahsulot yetishtiruvchi subyektlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilib, sohada yangi tizim joriy etildi.

Davlat rahbarining 2025-yil 12-avgustda qabul qilingan farmoniga muvofiq, 2026-yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘z yer uchastkalarida ekiladigan ekin turlarini “Agroportal” (“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platforma) orqali mustaqil ravishda joylashtiradi. Bunda davlat organlari tomonidan ekinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilash amaliyoti bekor qilindi va maʼlumotlar raqamli platforma orqali shaffof yuritilishi belgilandi.

“Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida esa fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil joylashtiradi va ekinlarni joylashtirish takliflari “CropAgro” AT orqali inson omilisiz amalga oshiriladi.

Materialda yozilishicha, O‘zbekiston fermerlari kengashi fermerlar faoliyatiga ko‘maklashish va qulay sharoit yaratish maqsadida sunʼiy intellekt asosida ishlovchi va fermerlarga tezkor maslahatlar beruvchi “Fermer AI” telegram boti ishlab chiqilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish