Logo

Islomobod shahrida O‘zbekiston, Pokiston va Afrika davlatlari kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Aprel 02, 2026. 16:10 • 2 daq

72
Islomobod shahrida O‘zbekiston, Pokiston va Afrika davlatlari kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Islomobod shahridagi elchixonasi diplomatlari Pokistondagi “Africa House Pakistan” tashkiloti raisi Rexan Yunas bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston, Pokiston va Afrika davlatlari kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, yangi qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida tashkilot rahbari o‘z faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Uning ta’kidlashicha, “Africa House Pakistan” savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, Afrika mamlakatlari bozorlariga chiqishni qo‘llab-quvvatlash, Afrika biznes vakillari bilan B2B formatdagi uchrashuvlarni tashkil etish orqali eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni ilgari surishda muhim platforma sifatida faoliyat yuritmoqda.

“O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz, – dedi Rexan Yunas. – Xususan, nutritsevtika mahsulotlari, dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, sog‘liqni saqlashga oid tovarlar, shuningdek kosmetika va teri parvarishi vositalarini qadoqlash hamda qayta ishlash, istiqbolda esa ularni O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalarimiz mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Pokiston mahsulotlari, jumladan to‘qimachilik, sport anjomlari, charm buyumlari va boshqa eksportbop tovarlarni ilgari surishga xizmat qiladigan Pokiston savdo uyini tashkil etishni taklif etamiz”.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni uchinchi davlatlar, xususan, Afrika bozorlariga eksport qilishda “Africa House Pakistan” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, sport sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, “Africa House Pakistan” rahbariyati O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (UFA) bilan texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Pokistonda ishlab chiqarilgan professional sport anjomlarini taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sport yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Africa House Pakistan” hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish