“Politico” Oq uy matbuot kotibi lavozimiga uch asosiy nomzod nomini maʼlum qildi
Avgust 14, 2026. 18:00 • 2 daq
• 9
VASHINGTON, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. Kerolayn Levitt lavozimini tark etgach, Oq uy matbuot kotibi o‘rniga bir nechta nomzod ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “Politico” portaliga tayanib.
Bu lavozimga eng ehtimoliy daʼvogarlar qatorida AQSH protokol rahbari, elchi Monika Krouli, “CNN” telekanali sharhlovchisi Skott Jennings va Donald Tramp shtabi sobiq vakili Jeyson Miller bor.
Portal xabariga ko‘ra, Kerolayn Levittning ehtimoliy o‘rinbosarlari sifatida Donald Trampning sobiq maslahatchisi Alina Xabba va Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli ham tilga olinmoqda. Ayni paytda yaqqol favorit yo‘q.
28 yoshli Kerolayn Levittning o‘z lavozimini tark etish niyati bir kun avval maʼlum bo‘ldi. U oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish istagini sabab qilib, oy oxirida ishdan ketishga qaror qilgan. Kerolayn Levitt Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibiga aylandi.
Prezident Donald Tramp uni o‘zining eng ishonchli yordamchilaridan biri deb atadi. Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung “CNN” telekanaliga bergan intervyusida Kerolayn Levittning yagona ekanini va hech kim uning ishini to‘liq takrorlay olmasligini aytdi.
Qayd etilishicha, uning o‘rniga munosib nomzod topish amaldagi maʼmuriyat uchun qiyin vazifa bo‘lishi mumkin. U nafaqat jurnalistlar uchun muntazam brifinglar o‘tkazgan, balki Oq uyning ommaviy pozitsiyasini shakllantirishda qatnashib, prezidentga media masalalari bo‘yicha maslahatlar ham bergan.
“Politico” nashri Donald Tramp Kerolayn Levittning vorisi bo‘yicha hali bir qarorga kelmaganini taʼkidlagan. Lavozim bir muncha vaqt, jumladan, noyabrda bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovlargacha bo‘sh qolishi istisno etilmayapti.
“The New York Times” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi