Polshadan munosabat: O‘zbekistonda kam mablag‘ bilan ham mazmunli sayohat zavqini surish mumkin

May 28, 2026. 11:50 • 2 daq

132
Polshadan munosabat: O‘zbekistonda kam mablag‘ bilan ham mazmunli sayohat zavqini surish mumkin

VARSHAVA, 28-may. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Onet” internet-portalida “O‘zbekistonda kam mablag‘ bilan ham mazmunli sayohat zavqini surish mumkin”sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston o‘zining boy tarixi, ekzotik arxitekturasi va hayratlanarli darajadagi hamyonbop narxlari tufayli dunyo sayyohlarini tobora ko‘proq jalb etmoqda.

Ko‘plab bloger va sayyohlar O‘zbekistonni Yevropaning mashhur kurortlaridan ko‘ra, kamroq mablag‘ evaziga, bir necha barobar ko‘proq va sifatliroq xizmat olish mumkin bo‘lgan betakror yo‘nalish sifatida taʼriflagan.

Xususan, dunyoning kam o‘rganilgan go‘shalarini tadqiq qilish bilan tanilgan niderlandiyalik sayohatchi Lourens O‘zbekistonni o‘zi tashrif buyurgan eng arzon mamlakatlardan biri deb atagan. U mahalliy restoranlarda ichimliklar atigi 1 yevro atrofida turishi, shinam mehmonxonalarni esa bir kecha uchun 15 yevrodan topish mumkinligini aytgan. Ayniqsa, unda sovet arxitekturasi, zamonaviy osmono‘par binolar va sanʼat asari darajasidagi muhtasham metro stansiyalarini o‘zida mujassam etgan Toshkent shahri katta taassurot qoldirgan.

Yana bir taniqli bloger Militsa esa taksi xizmati va kundalik xarajatlar Yevropa shaharlariga qaraganda bir necha barobar arzonligi, xalqimizning mehmondo‘stligi va madaniy ramz hisoblangan o‘zbek nonining qadri o‘ziga xos ekanini taʼkidlaydi.

Dunyoga mashhur trevel-bloger Dryu Binski ham o‘z videoroliklarida O‘zbekistonda 1 dollar evaziga mahalliy taomlar, issiq non yoki choy sotib olish, hatto cho‘l hududlarida anʼanaviy ko‘ngilochar marosimlarda ishtirok etish mumkinligini namoyish etgan. U bunday hamyonboplikni O‘zbekistonda hayot darajasi qulayligi va eng asosiy mahsulotlar mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilishi bilan izohlaydi.

Polsha nashrida yozilishicha, statistika bo‘yicha Hindiston yoki Misr kabi davlatlar arzonroq tuyulishi mumkin, biroq O‘zbekiston past narxlar va sayyohga taqdim etadigan boy, sifatli taassurotlar uyg‘unligi bo‘yicha mutlaqo ajralib turadi. Mehmonlar Ipak yo‘li davriga oid mahobatli masjid va madrasalarni, qadimiy maydonlarni va haqiqiy sharqona bozorlarni katta xarajatlarsiz ko‘rish imkoniga ega.

Maqola xulosasida O‘zbekistonning sayyohlar, xususan, yolg‘iz sayohat qiluvchi ayollar uchun ham eng xavfsiz mamlakatlardan biri ekani alohida eʼtirof etilgan. Yirik shaharlardagi tinchlik-osoyishtalik va sayyohlik hududlarida xavfsizlikning yuqori darajada taʼminlangani xorijliklarga qulaylik yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish