“El País”: Buxoro va Toshkent – O‘zbekistonning o‘tmish va kelajagini ifodalovchi betakror shahar
May 16, 2026. 11:30 • 3 daq
• 89
MADRID, 16 may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning yetakchi “El País” nashrida O‘zbekistonning Buxoro va Toshkent shaharlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Buxoro va Toshkent bir mamlakat ichida joylashgan bo‘lsa-da, ularning tarixi, arxitekturasi va ruhi mutlaqo boshqacha ikki dunyoni ifodalaydi. Biri ming yillik islomiy me’morchilik va Buyuk Ipak yo‘li merosini saqlab qolgan bo‘lsa, ikkinchisi sovet modernizmi va zamonaviy shaharsozlik uyg‘unlashgan megapolis sifatida shakllangan.
“El País” Buxoroni Markaziy Osiyoda eng yaxshi saqlangan o‘rta asr shaharlaridan biri sifatida ta’riflaydi. Qadimiy shahar ikki ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, IX asrdan boshlab qurilgan madrasalar, masjidlar, gumbazlar va moviy sirlangan bezaklari bilan mashhur. 1993 yildan beri Buxoro YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Maqolada Labi-Hovuz majmuasi alohida tilga olinadi. Bu yerda tarixiy madrasalar, masjidlar va dam olish joyi bo‘lgan xonaqoh bir butun ansambl sifatida shakllangan. Shaharning har bir burchi o‘rta asr islom madaniyatining izlarini saqlab qolgan.
Shuningdek, Toki Sarrofon va Toki Zargaron kabi gumbazli bozorlar, Xo‘ja Kalon masjidi, Xo‘ja Govkushon madrasasi hamda Bolo-Hovuz masjidi Buxoroning tarixiy muhitini yanada to‘ldiradi. Ark qal’asi esa nafaqat ulkan me’moriy inshoot, balki shaharning siyosiy va madaniy markazi sifatida ta’riflanadi.
Ismoil Somoniy maqbarasi Buxoroning eng noyob arxitektura yodgorliklaridan biridir. U qizdirilgan g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, islom dunyosidagi eng qadimiy dinastik maqbaralardan sanaladi.
Ispan nashri Buxoroning kechki manzarasini alohida tilga olib, Poi-Kalon majmuasini shaharning “yuzi” deb ataydi. U masjid, madrasa va minoradan iborat bo‘lib, shaharning eng tanilgan ramzlaridan biri hisoblanadi.
Buxoroda hunarmandchilik an’analari muhim o‘rin tutadi. Kulolchilik, keramika, gilam to‘qish va to‘qimachilik avloddan-avlodga o‘tib keladi. Buxoro zamonaviy san’at va an’anaviy hunarmandchilik uyg‘unlashgan shahar sifatida baholanadi. Hatto Buxoro biyennalesi kabi xalqaro madaniy tadbirlar ham tarixiy muhitga yangi ma’no olib kirmoqda.
Maqolaning ikkinchi qismi Toshkentga bag‘ishlangan bo‘lib, u “dunyodagi yagona arxitektura gibridi” sifatida ta’riflanadi. Muallif shaharni sovet modernizmi va brutalizmi bilan islomiy me’morchilik elementlari uyg‘unlashgan noyob makon deb ko‘rsatadi.
Toshkentning zamonaviy ko‘rinishi, ayniqsa 1966 yilgi zilziladan keyingi qayta qurilishlar natijasida shakllangani ta’kidlanadi. Shahar beton konstruksiyalar, keng maydonlar va funksional binolar bilan birga milliy bezak elementlarini ham saqlab qolgan.
Maqolada O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi alohida tilga olinadi. U sobiq diplomatik saroy binosida joylashgan bo‘lib, unda yetti mingdan ortiq eksponat saqlanadi. Bu muzey mamlakat hunarmandchiligi va an’anaviy san’atining muhim markazi sifatida baholanadi.
Shuningdek, Toshkent metrosi ham o‘zining mozaikali intereri bilan dunyodagi eng go‘zal metrolardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Kosmonavtlar stansiyasi esa uning eng mashhur namunasi hisoblanadi.
Buxoro va Toshkent bir-biridan tubdan farq qilsa-da, ular O‘zbekistonning tarixiy xotirasi va zamonaviy rivojlanishini bir vaqtda namoyon qiladi. Buxoro o‘tmishning tirik muzeyi bo‘lsa, Toshkent kelajakka intiluvchi zamonaviy megapolisdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“CAWA Media”: Namangandagi Xalqaro gullar festivalida dunyo floristlari birlashadi

Saudiya Arabistonining “Okaz” gazetasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining intervyusi eʼlon qilindi


