“Republika”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab beradi

Sentabr 06, 2026. 21:30 • 3 daq

25
“Republika”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab beradi

BELGRAD, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. “Republika” axborot-tahliliy portalida O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifiga doir maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi.

So‘nggi bir yil ichida Toshkent va Belgrad o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashdi va tizimli tus oldi. Endi bu siyosiy turtkini aniq savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, ta’lim va gumanitar loyihalarga aylantirish vazifasi turibdi.

2025-yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Aleksandr Vuchich Pekinda bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida uchrashgan edi. O‘zaro munosabatlar rivojida Serbiya yetakchisining 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi muhim bosqich bo‘ldi.

Ikki mamlakat yetakchilari muzokaralar o‘tkazib, Qo‘shma deklaratsiya, iqtisodiyot, investitsiyalar, ta’lim, turizm, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarni qamrab olgan hukumatlararo va idoralararo bitimlar to‘plamini imzoladi.

Oliy darajadagi muloqotlar 2026-yilda ham davom etdi. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari aprel oyida Antaliyadagi Diplomatik forum doirasida uchrashgan bo‘lsa, may oyida Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Joriy yil may oyida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Bokuda yana uchrashdi, iyul oyida esa ikki prezident o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Avgust oyida ikki davlat tashqi siyosat idoralari Belgradda siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi raundini o‘tkazdi.

Nashrda yozilishicha, davlatlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari Serbiya Xalq majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tuzdi. Senat Raisi Tanzila Narbayeva 2026-yil iyun oyida Belgradga, keyinroq esa “Serbiya–O‘zbekiston” parlament do‘stlik guruhi delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi.

Ikki tomonlama savdoning hozirgi hajmi ikki mamlakat iqtisodiyoti salohiyatiga nisbatan nisbatan ancha past. 2025-yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12 million dollarni tashkil etdi, ayni paytda O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi to‘qqizta korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu raqamlar o‘sish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. 

Bularning barchasi ikki tomonlama munosabatlar mustahkam siyosiy va institutsional asosga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Navbatdagi vazifa iqtisodiy va amaliy hamkorlikning bir xil sur’atlarda rivojlanishini ta’minlashdan iborat.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish