O‘zbekistonning yangi elchisi BAA tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi
Aprel 29, 2026. 20:35 • 2 daq
• 766
ABU-DABI, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Umar Ubayd al-Shamsiyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Umar al-Shamsiy yangi elchiga o‘z vazifalarini bajarishda muvaffaqiyatlar tilab, BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni barcha sohalarda kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston elchisi ikki davlat o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatlarini ishga solishini taʼkidladi.
O‘zbekistonning yangi elchisi 43 yoshda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimida 2005-yildan boshlab diplomatik faoliyatini referent sifatida boshlagan, turli lavozimlarda, jumladan, mamlakatimizning Vashington va Nyu-Yorkdagi diplomatik vakolatxonalarida faoliyat yuritgan.
2018–2023-yillarda mamlakatimizning Parijdagi YUNESKO huzuridagi doimiy vakili, 2023-yilda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi etib tayinlangan.
Umid Shodiyev 2022–2025-yillarda O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan va 2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi etib tayinlangan Abdulaziz Aqqulov o‘rniga tayinlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi