Qatarda O‘zbekiston madaniyati elchisi tayinlandi
Aprel 08, 2026. 09:42 • 2 daq
• 272
DOHA, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. Qatar poytaxtidagi “Katara Cultural Village” majmuasida mazkur markaz direktori Xolid bin Ibrohim Al-Sulaytiyga “O‘zbek madaniyati elchisi” faxriy unvonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Marosimda yuz nafarga yaqin kishi, jumladan, diplomatik korpus va OAV vakillari ishtirok etdi.
“Katara Cultural Village” Dohadagi eng yirik va nufuzli madaniy markazlardan biri hisoblanadi. U o‘zining zamonaviy infratuzilmasi, muhtasham amfiteatr, opera teatri va turli sanʼat muassasalari bilan ajralib turadi. Mazkur majmua turli madaniyatlar namunalari, g‘oyalar almashinuvi va ijodiy hamkorlikni rivojlantiradigan noyob maydon sifatida tan olingan.
Xolid Al-Sulaytiy O‘zbekiston Prezidenti, Madaniyat vazirligi va o‘zbek xalqiga chuqur hurmat va minnatdorlik izhor etdi. U mamlakatimiz azim tarixi va boy madaniy merosini yuksak qadrlashini yana bir bor taʼkidladi.
“O‘zbek madaniyat elchisi yuksak unvoni men uchun sharaf va bir paytning o‘zida katta masʼuliyatdir. Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy muloqotni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratimni sarflayman”, deya taʼkidladi Xolid Al-Sulaytiy.
O‘zbek madaniyati elchisiga ko‘krak nishoni, sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. U Katar madaniy majmuasi rahbari sifatida tarixda birinchi marta sharafli unvonga sazovor bo‘lganini alohida taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi