Germaniyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 25 foizga oshdi
Oktabr 12, 2026. 10:00 • 2 daq
• 66
TOSHKЕNT, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniya turistik bozoridagi jozibadorligi ortib bormoqda: 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatimizga tashrif buyurgan nemis sayyohlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ortdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Germaniya O‘zbekiston uchun muhim Yevropa turistik bozorlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizga 43 mingga yaqin germaniyalik sayyoh kelgan. Bu ko‘rsatkich nemis sayyohlarining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 10,3 million nafarga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,4 foizga ko‘pdir.
Yevropa mamlakatlari orasida Germaniya bilan bir qatorda Buyuk Britaniyadan keluvchilar soni ham 25 foizga, Fransiyadan 21 foizga, Turkiyadan esa 15 foizga oshgan. Xitoydan turistik tashriflar 2,1 barobarga, Malayziyadan 1,9 barobarga, Yaponiyadan 1,5 barobarga va AQSHdan 1,4 barobarga ko‘paygan.
Xorijiy sayyohlar oqimining ortishi turizm sohasining iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, joriy yilning to‘qqiz oyida turistik xizmatlar eksporti 5,3 milliard AQSh dollariga yetib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 51,2 foizga o‘sgan.
Ushbu dinamika O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlamoqda. Germaniyadan sayyohlar oqimining barqaror o‘sishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi