JSST vakili: Erta tashxis va o‘z vaqtida davolash bolalar onkologiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega
Oktabr 22, 2026. 21:00 • 2 daq
• 19
SAMARQAND, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi mutaxassisi Vitaliy Semenov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Markaziy Osiyo mamlakatlarida bolalar o‘rtasida onkologik kasalliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish borasida fikr bildirdi:
¬¬– Faoliyatimning asosiy yo‘nalishi JSSTga a’zo mamlakatlarga bolalar onkologiyasi sohasida tibbiy yordamni takomillashtirish va ushbu kasalliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda ko‘maklashishdan iborat.
Bu juda muhim va ayni paytda hayotiy ahamiyatga ega masala. Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar onkologiyasi sohasida bir-biriga yaqin muammolarga duch kelmoqda. Demografik omillar, jumladan, bolalar sonining ortishi kelgusida onkologik kasalliklar aniqlanadigan bolalarning mutlaq soni ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimlari oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi.
Shu bois, hozir biz barcha mamlakatlar birgalikda vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilishi zarur bo‘lgan muhim bosqichdamiz. Oldimizda ko‘plab vazifalar turgan bo‘lsa-da, muvofiqlashtirilgan harakatlar orqali sezilarli natijalarga erishish mumkin.
Bolalar onkologiyasining o‘ziga xos jihati shundaki, kattalardagi ayrim saraton turlaridan farqli ravishda, bolalarda uchraydigan ko‘plab onkologik kasalliklarning oldini olish imkoniyatlari cheklangan. Shuning uchun kasallikni erta aniqlash va to‘g‘ri tashxis qo‘yish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Buning uchun zamonaviy tibbiy uskunalar, malakali mutaxassislar va samarali diagnostika tizimi zarur. Tashxis qo‘yilganidan keyin esa davolashni kechiktirmasdan boshlash, zamonaviy dori vositalaridan foydalanish va yagona klinik protokollarga amal qilish muhimdir.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosi doirasida amalga oshirilgan “TITIka” loyihasi ham aynan shu maqsad – tashxis qo‘yish va davolashni boshlash o‘rtasidagi vaqtni qisqartirishga qaratilgan. Bunday tajribalarni boshqa mamlakatlarda ham qo‘llash bolalarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Asosiy maqsadimiz – mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish, samarali tibbiy yondashuvlarni keng joriy etish va eng muhimi, bolalar hayotini saqlab qolishdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi