Belarus dalalarida o‘zbek sarimsoqpiyozini yetishtirish bo‘yicha tajriba boshlandi

Oktabr 22, 2026. 20:00 • 2 daq

• 56
Belarus dalalarida o‘zbek sarimsoqpiyozini yetishtirish bo‘yicha tajriba boshlandi

VITЕBSK, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning Vitebsk viloyatida O‘zbekistondan olib kelingan kuzgi sarimsoqpiyozni ekish bo‘yicha yirik agrotexnologik tajriba boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Belarus OAVda yozilishicha, Vitebsk tumanidagi “Olgovskoye” ishlab chiqarish kooperativi dalalarida ilk bor O‘zbekistondan keltirilgan serhosil va chidamli “Qizil may” navli kuzgi sarimsoqpiyoz ekilmoqda.

Dehqonchilik ishlari uchun xo‘jalikning unumdor va yumshoq tuproqli 2,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Eksperimentning muhim jihati shundaki, unda o‘zbek agronomlari ham qatnashib, mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda jarayonni nazorat qilmoqda.

Sarimsoqpiyoz ekish ishlari Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan “Texmash” qo‘shma korxonasining maxsus ekish texnikalari yordamida amalga oshirilmoqda. Olimlar va agronomlar mahalliy iqlim sharoitida qaysi usul eng yuqori hosil berishini aniqlash maqsadida hozirda ikki xil ekish usulini (75 santimetrli ikki qatorli va 40 santimetrli uch qatorli) sinovdan o‘tkazmoqda.

“Olgovskoye” kooperativi bosh agronomi Olga Yakovlevaning ta’kidlashicha, ekilgan urug‘larning rivojlanishi doimiy nazoratda va mazkur o‘zbek navining dastlabki hosilini 2027-yilning iyul oyida yig‘ib olish rejalashtirilgan. Bu mavsumda L.Dovator nomidagi Ulla davlat kolleji dalalarida ham O‘zbekiston sarimsoqpiyozini ekish ko‘zda tutilgan.

Vitebsk viloyati va O‘zbekiston hududlari, xususan, Andijon viloyati o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi.

Avvalroq viloyatda o‘zbek fermerlariga kartoshka yetishtirish uchun 2 ming gektar yer ajratilgani hamda chorvachilik yo‘nalishida qo‘shma loyihalar boshlangani xabar qilingan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish