Rossiyaning Oltoy o‘lkasi tadbirkorlari O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda
Sentabr 21, 2026. 17:00 • 2 daq
• 79NOVOSIBIRSK, 21-sentabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning Oltoy o‘lkasi tadbirkorlaridan iborat biznes-missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibiga hududning agrosanoat mahsulotlari, yog‘ochsozlik uskunalari, oziq-ovqat, avtokimyo, maishiy kimyo, shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) va pardozlash vositalari ishlab chiqaruvchi 8 ta yirik kompaniyasi vakillari kirdi. Ular O‘zbekiston bilan hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdorlik bildirdilar.
Rossiya delegatsiyasi a’zolari RFning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi, "Rossiya eksport markazi" AJning Toshkentdagi ofisi, shuningdek, mamlakatimizning "Yoshlik Y", "Grand Pharm", "Dori-Dormon" AK rahbarlari hamda maishiy kimyo va oziq-ovqat sanoati korxonalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdilar.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati, mahsulotlarni O‘zbekistonga eksport qilish xususiyatlari hamda qo‘shma korxonalar, xususan, shifobaxsh pardozlash vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha atroflicha ma’lumot oldilar.
Xususan, "Alfit" kompaniyasi vakili Yevgeniya Yermolenko "Grand Pharm" MChJdagi muzokaralar chog‘ida mahsulotni birgalikda chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan birga, O‘zbekiston hududida shifobaxsh pardozlash vositalari va BFQ ishlab chiqarishni mahalliylashtirish niyatida ekanini bildirdi.
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida o‘tkazilgan uchrashuvda "Alfit" kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy qadamlari, jumladan, 2027-yil oxiriga qadar mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot chiqaradigan qo‘shma korxona tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, "Alfit" kompaniyasi "Aero Pharm Group", "DRUG PROMOTION", "Pharma Cosmos" va "Young Pharm" MChJlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, Oltoy korxonasining O‘zbekiston bozoriga chiqishi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistondan Oltoy o‘lkasiga import qilinadigan mahsulotlarning asosiy qismini ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavotlar tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekistondan Oltoy o‘lkasiga paxta, tayyor to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari hamda kimyoviy tolalar yetkazib berilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



