O‘zbekiston va Italiya seysmik xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Noyabr 22, 2026. 15:30 • 2 daq

• 145
O‘zbekiston va Italiya seysmik xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Italiya seysmik xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Italiya seysmik xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

RIM, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rim shahridagi Gulelmo Markoni universitetida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun tashkil etilgan “Seysmologiya va seysmik chidamli qurilish” xalqaro o‘quv dasturi ishtirokchilariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur dastur 1–16-noyabr kunlari o‘tkazildi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat transport universiteti hamda ularning tizim tashkilotlaridan jami 25 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

Italiyaning Universitetlararo tadqiqot markazi (CIRPS) va uning hamkor tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan dastur seysmologiya, seysmik xavfni baholash, bino va muhandislik inshootlarining zilzilaga bardoshligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab oldi. Ishtirokchilar ilmiy va amaliy tajribalarni o‘rgandilar, xususan, “A24” avtomagistralidagi ko‘priklar, Folino shahridagi Fuqaro muhofazasi markazi binolari hamda “STRIC” laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Sertifikat topshirish marosimida CIRPS direktori, Markoni universiteti va Toshkent davlat transport universiteti rektorlari, shuningdek, O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi vakillari qatnashdilar. Tadbir yakunida tashkilotchi muassasalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, seysmik xavfsizlik va ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha aloqalarni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish