Logo

FIFA prezidenti Janni Infantino: O‘zbekiston millat sifatida ham, hamkor sifatida ham ishonch va eʼtirofga loyiq davlat

Yanvar 22, 2026. 08:10 • 2 daq

45
FIFA prezidenti Janni Infantino: O‘zbekiston millat sifatida ham, hamkor sifatida ham ishonch va eʼtirofga loyiq davlat

JENEVA, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zbek futbolining rivojlanishi va o‘zbekistonlik sportchilarning so‘nggi yillardagi yutuqlari haqida fikr bildirib, videomurojaatnoma yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– 2016-yilda FIFA prezidenti lavozimiga kirishganimdan buyon O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurishga to‘g‘ri keldi, - dedi FIFA rahbari videomurojaatnomasida. – Har bir tashrif mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish surʼatlari va izchil modernizatsiya yo‘lidan borayotganini tasdiqlaydi.

Turli sohalarning izchil rivojlanishi futbol sohasida sezilarli taraqqiyot bilan birga kechdi. O‘zbekiston 1994-yilda FIFAga aʼzo bo‘lganidan beri mamlakat futbol tizimi strategik rejalashtirish, infratuzilmaga sarmoya kiritish va futbol taʼlimini rivojlantirish orqali sezilarli darajada mustahkamlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda o‘z lavozimiga kirishganidan so‘ng sport va futbolni rivojlantirishga aniq yo‘nalish berdi. Futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning 2024-yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi, o‘zbek yoshlarining salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etishida muhim ahamiyat kasb etdi.

FIFA turnirlarining O‘zbekistonda o‘tkazilishi futbolning global miqyosda kengayishi va uning xalqaro miqyosda eʼtirofini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilgan futzal bo‘yicha jahon chempionati tarixiy voqea bo‘lib, mamlakat Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib FIFA turniriga mezbonlik qildi.

Men 2025-yil sentyabr oyida tashrif buyurgan Olimpiya shaharchasi O‘zbekistonning FIFAning yangi turnirlarini o‘tkazish uchun munosib nomzod sifatida ishonch bilan o‘zini ko‘rsatayotganini tasdiqlaydi. Buni O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan U20 jahon chempionatiga mezbonlik qilishi ham tasdiqlaydi. Mazkur U20 jahon chempionati ikki konfederatsiya tomonidan o‘tkaziladigan ilk turnirdir.

Samarqand viloyatini rivojlantirish bo‘yicha katta rejalar, jumladan, Kattaqo‘rg‘onda futbol akademiyasini tashkil etish futbolga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi va FIFAning har bir isteʼdodga o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berish missiyasiga mos keladi.

Men FIFA O‘zbekiston hukumati va futbol assotsiatsiyasini o‘z maqsadlarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlay olganimdan faxrlanaman. O‘rtamizdagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib, rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanishim men uchun katta sharaf.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga intilayotganini taʼkidladi. Bu FIFA to‘liq qo‘llab-quvvatlaydigan falsafa bo‘lib, O‘zbekiston biz uchun futbolni rivojlantirishda ishonchli va strategik hamkor ekanini tasdiqlaydi.

Biz O‘zbekiston bilan birgalikda millionlar o‘yini bo‘lgan futbolni rivojlantirishda davom etamiz. Chunki O‘zbekiston millat sifatida ham, hamkor sifatida ham ishonch va eʼtirofga loyiq davlat.

Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish