O‘zbekiston sportchilari Doha shahrida bouling bo‘yicha 28-Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda

Noyabr 15, 2026. 13:00 • 2 daq

• 106
O‘zbekiston sportchilari Doha shahrida bouling bo‘yicha 28-Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston sportchilari Doha shahrida bouling bo‘yicha 28-Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda

DOHA, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qatar poytaxtida boshlangan bouling bo‘yicha 28-Osiyo chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

23-noyabrga qadar davom etadigan ushbu musobaqada Osiyoning 18 ta mamlakatidan 168 nafar erkak va ayol sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Xalqaro bouling federatsiyasi (IBF) prezidenti shayx Talal Muhammad al-Saboh, sport sohasi vakillari, ishtirokchi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari hamda xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilari qatnashdi.

Chempionat doirasida yakkalik, juftlik, uch kishilik va besh kishilik jamoaviy bahslar, shuningdek, “Masters” yo‘nalishida musobaqalar o‘tkaziladi.

Mazkur chempionat natijalari 2027-yilda Koreyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga saralash jarayonida ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi umumiy natijalar bo‘yicha eng yaxshi besh nafar sportchining ko‘rsatkichlari saralash mezoni sifatida hisobga olinadi.

O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi vakillari chempionatning ochilish marosimida ishtirok etib, terma jamoamiz a’zolarini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur musobaqa o‘zbekistonlik sportchilar uchun xalqaro tajriba orttirish, mahoratlarini namoyon etish va kelgusi jahon chempionatiga yo‘llanma olish yo‘lida muhim imkoniyat hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish