Diyora Keldiyorova Zagrebdagi xalqaro turnirda bronza medaliga sazovor bo‘ldi
Noyabr 15, 2026. 14:30 • 2 daq
• 48ZAGREB, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Xorvatiya poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha “Zagreb Grand Prix 2026” xalqaro turnirida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini besh nafar sportchi himoya qilmoqda: Parij–2024 Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova (-52 kg), Azizbek Ortiqov (-66 kg), Murodjon Yo‘ldoshev va Arslonbek Tojiyev (-81 kg) hamda 2022-yilgi jahon chempioni, Tokio–2020 Olimpiadasi bronza medali sovrindori Davlat Bobonov (-90 kg).
Mamlakatimiz sportchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi vakillari musobaqaning dastlabki kunidagi tadbirlarda ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sportni rivojlantirish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida vakillarimiz ko‘plab yutuqlarga erishmoqda. Zagrebdagi xalqaro turnirda ham dzyudochilarimiz munosib qatnashmoqda.
Diyora Keldiyorova yarim finalga qadar Arujan Yerejepova (Qozog‘iston), Sumiya Iraoui (Marokash) va Fatjona Kasapini (Kosovo)ni ketma-ket mag‘lubiyatga uchratdi. Final ostonasida Diyora 2025-yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori va yakunda ushbu turnir g‘olibiga aylangan vengriyalik Roza Dyortyashga imkoniyatni boy berdi.
Bronza medali uchun kechgan bahsda IJF jahon reytingida 10-o‘rinni egallab turgan Fransiyalik Blandin Pont ustidan o‘zining sevimli usuli bilan muddatidan oldin g‘alaba qozondi. Ushbu bronza medali Diyoraga “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasi yo‘lida 350 reyting ballini taqdim etdi.
O‘zbekiston elchisi musobaqaning 52 kg gacha bo‘lgan vazn toifasidagi g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Uzoq tanaffusdan so‘ng yana xalqaro maydonga qaytib, shohsupaga ko‘tarilgan hamyurtimiz – Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova bronza medalini aynan O‘zbekiston elchisi qo‘lidan qabul qilib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

