AQSh G‘azoda tinchlikparvar kuchlarni yaratish uchun 206 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiradi

Avgust 20, 2026. 19:30 • 2 daq

142
AQSh G‘azoda tinchlikparvar kuchlarni yaratish uchun 206 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiradi

VASHINGTON, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati G‘azo sektorida Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini (ISF) yaratish va jihozlash uchun 206 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi haqida Kongressni xabardor qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Davlat departamentining maʼlum qilishicha, 200 million dollar uskunalar, infratuzilma, transport va kuchlarning operatsion xarajatlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. Yana taxminan 6,3 million dollar to‘qqizta bronetransportyorni qayta jihozlash uchun sarflanadi.

ISF Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilgach, xavfsizlikni taʼminlashni o‘z zimmasiga olishi, gumanitar yordam yetkazilishini qo‘llab-quvvatlashi va G‘azodagi guruhlarning qurolsizlanishiga yordam berishi lozim. Ayni paytda kuchlarning yakuniy tarkibi hali aniqlanmagan.

Missiyada ishtirok etishga beshta davlat – Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya rozilik bildirgan. Misr va Iordaniya esa Falastin politsiyachilarini tayyorlashda qatnashishga tayyorligini maʼlum qilgan. Kuchlarning joylashtirilishi mumkin bo‘lgan muddatlar hozircha nomaʼlum.

ISFni yaratish rejalari Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli to‘xtab qolgan. Isroil o‘z qo‘shinlarini olib chiqishdan avval guruhning to‘liq qurolsizlanishini talab qilayotgan bo‘lsa, HAMAS kelishuvlarning amalga oshirilishini Isroilning hujumlarni to‘xtatish va qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘lamoqda.

Donald Tramp maʼmuriyati hozircha kuchlarning faoliyati va G‘azoni tiklash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning umumiy hajmini oshkor etmayapti.

Dastlab “Tinchlik kengashi” ishtirokchi davlatlari sektorni qayta tiklash uchun 17 milliard dollar ajratish niyatida ekanini bildirgan edi. Biroq bu mablag‘larning aksariyati hali kelib tushgani yo‘q.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish