O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasidagi vatandoshlar bilan uchrashdi

Sentabr 15, 2026. 18:35 • 2 daq

31
O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasidagi vatandoshlar bilan uchrashdi

TOSHKENT, 15-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar va ularni hayotga faol tatbiq etishga vatandoshlarimiz qo‘shayotgan hissasi muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator ilg‘or takliflarni ilgari surdilar.

Milliy iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlari va davlat boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni ilgari surish, milliy to‘lov tizimlari va pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Xususan, Koreya Respublikasida O‘zbekiston madaniy markazlari tarmog‘ini kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganish dasturlarini rivojlantirish, ikki mamlakat hududida turli madaniy tadbirlarni o‘tkazish hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun vatandoshlarimizga minnatdorlik bildirib, ularning har bir tashabbusi batafsil o‘rganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlanishini taʼkidladi.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuvda qatnashgan professorlar, tadbirkorlar, faollar va talabalarga o‘qishda va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatlar tilab, davlatimiz ular bilan muloqotga doimo ochiqligi, vatandoshlarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, uchrashuv ishtirokchilari Prezidentimizga yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibor va orzu-niyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirib, o‘z bilim va g‘ayratini Vatanimiz farovonligi va ravnaqi yo‘lida safarbar etishga hamisha tayyor ekanligini aytdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish