O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Eksport-import banki bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

Sentabr 15, 2026. 16:01 • 2 daq

101
O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Eksport-import banki bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

TOSHKENT, 15-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Koreya Eksport-import banki raisi Xvan Ki Yon bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Koreya Geologiya va mineral resurslar instituti (KIGAM) prezidenti Kvon I Gyun va Koreya Materialshunoslik instituti (KIRAM) direktori o‘rinbosari Bum Sun Kim ham ishtirok etdi.

Sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, muhim materiallar, taʼlim va transport sohalarida bank va uning jamg‘armalari bilan ko‘p yillar samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hamkorlik bo‘yicha 8 milliard dollarlik yangi dastur imzolanishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish, Biomarkaz tashkil etish, muhim minerallarni qayta ishlash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Orolbo‘yi hududida Xotin-qizlar tadbirkorligi markazini ochish hamda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yangi temir yo‘l qurilishi loyihasiga Janubiy Koreyaning moliya institutlari va kompaniyalarini jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar strategik muhim minerallar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma ishga tushirilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Yarimo‘tkazgichlar va yangi materiallarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish markazini tashkil etish masalasini o‘rganish taklif etildi.

Ushbu loyihalarda Koreya Geologiya va mineral resurslar instituti hamda Koreya Nodir metallar institutining faol ishtirokini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish