O‘zbekiston Prezidenti: Mahalla odamlar uchun ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi zarur
Iyul 16, 2026. 20:15 • 7 daq
• 41
TOSHKENT, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilganini taʼkidladi.
Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 barobargacha ko‘paydi. Tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoldi, mahalla byudjetiga esa o‘rtacha 150-200 million so‘m tushdi.
– Lo‘nda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – masʼuliyat va tashabbuskorlik, – dedi Prezidentimiz.
Tahlillar ayrim mahallalarda muammolar vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida bu yil 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Kichik loyihalar uchun banklar tomonidan olti oyda 18,5 trillion so‘m resurs ajratilib, 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan, 259 ming odam ishli bo‘lgan. Lekin 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.
Ayrim tumanlarda loyihalarga kambag‘al oilalarni jalb qilish darajasi pastligi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, 883 ta mahallada bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagani, tadbirkorlar bilan uchrashmagani qayd etildi.
Shu sababli yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olingan, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rilgan.
Yig‘ilishda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini hal etish va “yettilik” masʼuliyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi zarurligini taʼkidladi.
Yaqinda mahalla boshqaruvini samarali tashkil qilish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, mahalla raisi ijtimoiy muammolarni qayd etuvchi shaxsdan o‘z hududining “iqtisodiy buyurtmachisi”ga aylanishi kerak.
Endi har bir mahalla raisi o‘z hududining iqtisodiy va ijtimoiy buyurtmasini shakllantiradi. Bunda muammo aniq hisob-kitob qilinadi, loyiha tayyorlanib, masʼul tashkilotlarga vazifa qo‘yiladi. Mahallalarda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.
Davlatimiz rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni taʼminlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini taʼkidladi.
Bunday loyihalar uchun “mahalla yettilik”lariga 10 million so‘mdan grant ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so‘m resurs shakllantiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. U hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi, ularga aniq vazifa qo‘yib, so‘rov qilib boradi.
“Yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.
Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi. Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Mahalla bankirlari hududdagi bank mijozlari bilan ishlab, ish o‘rinlari va ularga qo‘yilgan talabni aniqlaydi. Mahalladagi ishsizlarni shu kasblarga o‘qitish uchun bandlik bo‘limiga buyurtma beradi va o‘qishni bitirganlarni ishga joylashtiradi.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi. Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Davlat banklari mahallalarni ixtisoslashtirish, “Agrostar” kompaniyalari bilan birga “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratish bo‘yicha ishlaydi. Bir oyda 1 mingta mahallada ish boshlash, har bir mahallada kamida 3 tadan “lokomotiv” loyihani amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Mahallalar byudjetini mustahkamlash bo‘yicha ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Endilikda mahalladagi noturar obyektlardan tushgan yer va mulk solig‘ining 5 foizi ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 milliard so‘m mablag‘ qoladi.
Yil davomida eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatga olgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum darajasi eng yuqori bo‘lgan va eng ko‘p qo‘shimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot beriladi.
Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar byudjetiga tushum joriy yil 1 trillion 600 milliard so‘mga, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mga yetadi.
Yurtimizda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingan. Shu asosda barcha sohalardagi islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.
Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramni mahallalarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” eʼlon qilindi.
Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi, hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi taʼkidlandi.
Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi uchun yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.
Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz beriladi. Yaxshi tajriba yaratgan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatiladi.
– Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.
Mahallalarda ijtimoiy yordamlar ko‘lamini kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sunʼiy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.
Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad qilingan. Shu sababli reyestrga kirish masalasida Prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan.
Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qatʼiy nazorat qilish topshirildi. Yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.
Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini bermoqda. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.
Jumladan, videokameralar o‘rnatish, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilish, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatish, ehtiyojmand, ishsiz va jinoyatga moyil aholi qatlami bilan manzilli ish olib borish natijasida “qizil” toifadagi ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilmagan.
Jinoyatchilikni jilovlashga masʼul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning axborotlari tinglandi, mahalla vakillari bilan muloqot qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi