Indoneziya matbuoti: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi xalqaro muloqot uchun muhim maydon bo‘ldi
Iyul 16, 2026. 20:00 • 2 daq
• 92JAKARTA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Indoneziya OAVlarida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi, uning yakunlari va xalqaro ahamiyati keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Garuda TV”, “Indonesiainside”, “Kabarsurya”, “Apaberita”, “Retizen (Republika)” “Kalimantan Post”da turli materiallar eʼlon qilindi.
Taʼkidlanishicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” shiori ostida tashkil etilgan forumda ko‘plab mamlakatlardan olimlar, din arboblari, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari faol ishtirok etgan.
Indoneziya ommaviy axborot vositalari forumning eng muhim natijalari sifatida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganiga alohida eʼtibor qaratdi. Islom sivilizatsiyasi merosini raqamlashtirish, elektron kutubxona va yagona reyestr yaratish, muzeylar hamda tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar forumning muhim amaliy natijalari sifatida baholandi.
Maqolalarda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlarning jahon ilm-fani hamda islom madaniyati rivojida tutgan o‘rni yuksak baholangan.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy singari buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Indoneziya ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan materiallar tahlili shuni ko‘rsatadiki, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun muhim xalqaro ilmiy-maʼrifiy voqea sifatida eʼtirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


