O‘zbekiston Prezidenti kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha takliflarni maʼqulladi

May 25, 2026. 21:30 • 3 daq

9
O‘zbekiston Prezidenti kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha takliflarni maʼqulladi

TOSHKENT, 25-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ular uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda bu borada qator dasturlar amalga oshirilib, tadbirkorlarga kredit, kompensatsiya, kafillik va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishida hali ham ayrim to‘siqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizga teng. Shu bilan birga, onlayn tarzda ajratilayotgan taʼminotsiz mikrokreditlar ulushi kam. Taʼminotsiz onlayn mikrokredit ajratish jarayoni o‘rtacha 7 kungacha vaqt olmoqda. Tadbirkor kredit olish uchun bir nechta bank takliflarini bir joyda ko‘rish, solishtirish va o‘ziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan taqdimotda raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi.

Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid maʼlumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

2026-yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.

Anʼanaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli maʼlumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi.

Shuningdek, kelgusida sunʼiy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.

Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qatʼiy nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va maʼlumotlarning himoyalanganligini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish