Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga tabrigi
May 25, 2026. 09:17 • 4 daq
• 89
(2026-yil 25-may, Toshkent sh.)
Aziz farzandlarim, hurmatli ustoz va murabbiylar, muhtaram ota-onalar!
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mana shu hayajonli damlarda 472 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz maktab taʼlimini tugatib, katta hayotga yo‘llanma olmoqda.
Ana shunday unutilmas ayyom bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Biz bugun kelajak rejalarini tuzayotgan sizdek farzandlarimiz timsolida Yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etadigan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.
Joriy yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod farzandlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bunday intiluvchan oʻgʻil-qizlarimiz kelajakda ham oʻz tengdoshlariga namuna boʻlib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi deb ishonaman.
Har bir maktab bitiruvchisining hayotda munosib oʻrin egallashi uchun hozirgi kunda katta kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz.
Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi Oʻzbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz.
Mamlakatimizda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum sizlarga zamonaviy bilim, kasb va malaka berishga tayyor. Tirishqoq, oʻz kuchiga ishongan yoshlarimiz hali maktabni tugatmasdan turib, yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarga kirishga ulgurdi. Masalan, 171 nafar yoshlarimiz dunyoning yetakchi universitetlariga, yana minglab bitiruvchilar mamlakatimizdagi oliygohlarga qabul qilindi.
Ana shu farzandlarimni, ularning ota-onalari va ustozlarini bunday yutuqlari bilan chin dildan tabriklayman.
Aziz bitiruvchilar!
Oʻzingiz koʻryapsiz, bugun hayot ham, mehnat bozoridagi talab ham shiddat bilan oʻzgarib bormoqda. Yangi-yangi kasblar paydo boʻlyapti. Til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish koʻnikmasini egallash muhim zaruratga aylanmoqda. Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija soʻrayapti.
Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ertaga dunyo tan oladigan olim boʻladi. Bugun oldiga katta maqsadlar qoʻygan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz ertaga millionlab insonlarga xizmat qiladigan texnologiyalarni yaratadi. Bugun kitob oʻqiyotgan bir qizaloq ertaga mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan farzandlarni tarbiyalaydi.
Shu bois, har biringiz kamida bittadan xorijiy til va zamonaviy kasbni egallashga harakat qiling. Bu kelajakka ochilgan eshik, siz uchun qoʻshimcha imkoniyat va ragʻbatdir.
Tadbirkor boʻlishni istaydigan yoshlarimiz uchun banklar joriy yil 25 trillion soʻm arzon kreditlar taklif etmoqda. Startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilarga esa 100 million dollar mablagʻ tayyorlab qoʻyganmiz. Eng yirik AT kompaniyalar har yili kamida 50 ming bitiruvchini sunʼiy intellekt boʻyicha oʻqitib, yuqori daromadli ishga joylashtirishga tayyor. Kelgusi yillarda 168 ming gektar super intensiv sanoatlashgan bogʻlar tashkil qilamiz. Mazkur loyihalarda qatnashmoqchi boʻlgan bolalarimni men doim qoʻllab-quvvatlayman.
Mana shu yangi sohalarda sizlar, albatta, oʻz kasbingizning haqiqiy egasi boʻlasiz!
Qadrli farzandlarim!
Bugungi tez oʻzgarayotgan davrda hayotga, uning keskin talablariga tayyor boʻlish bu – eng muhim vazifa.
Ushbu yoʻlda sizlar uchun eng yaqin doʻst va eng kuchli qurol – kitobdir. Chunki kitob – nur, ilm va ibrat manbai. Koʻp kitob oʻqigan inson hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi, kuchli iroda, keng dunyoqarashga ega boʻladi.
Bugungi hayotimizda sizlar uchun oʻrnak boʻladigan yutuqlarimiz, yosh-yosh qahramonlarimiz koʻp. Toʻrt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda.
Yosh kino ijodkorlarimiz suratga olgan qisqa metrajli film Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi inklyuziv filmlar festivalida Gran-pri mukofotini olishga sazovor bo‘ldi.
Kuni kecha futbol boʻyicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatdik.
Barchamizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydigan bunday yutuqlar ilgari tariximizda hech qachon boʻlmagan.
Koʻryapsizlarmi, chin dildan intilsa, harakat qilsa, Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk marralarni zabt etishga qodir!
Men ishonaman, sizlarning orangizdan ham ana shunday millat qahramonlari, Yangi Oʻzbekiston iftixorlari yetishib chiqadi!
Bu dunyoda har bir ongli inson ota-onasi, ustozlari va el-yurti ishonchini oqlashga intilib yashaydi. Inson uchun eng ulugʻ baxt, ulkan sharaf aslida shu.
Siz bugun maktabni tugatdingiz, lekin katta hayot maktabi endi boshlanmoqda.
Men sizlarga ana shunday tengsiz baxt, yuksak saodat egasi boʻlishlaringizni tilayman.
Oldingizga katta maqsadlar qoʻyishdan hech qachon qoʻrqmang!
Oʻzingizga ishonib, hamisha olgʻa boring!
Doimo oʻzgarishlar, islohotlar ruhi bilan yashaydigan avlod boʻling!
Shu yoʻldagi ilk qadamlaringiz qutlugʻ va barakali boʻlsin!
Barchangizga baxt va omad hamisha yor boʻlsin, aziz farzandlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




