O‘zbekiston Prezidenti Buxoroga jo‘nab ketdi
Aprel 10, 2026. 16:33 • 2 daq
• 17
TOSHKENT, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ertaga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladilar.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.
Birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Bugun esa davlatimiz rahbari Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi