Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar ro‘yxatiga rasman kiritildi
Dekabr 16, 2025. 13:50 • 2 daq
• 125
PARIJ, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. YUNESKO tomonidan 2026–2027-yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar ro‘yxatiga Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligi rasman kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligini 2026–2027-yillarda YUNESKO doirasida nishonlanadigan xalqaro yubileylarga ro‘yxatiga qo‘shish bo‘yicha O‘zbekistonning (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston qo‘llab-quvvatlovi bilan) taklifi Samarqand shahrida o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida maʼqullangan edi.
YUNESKOning mazkur qarori atoqli o‘zbek qo‘shiqchisi Tavakkal Qodirovning musiqa, qo‘shiqchilik sanʼati va madaniyat sohalarining rivoji hamda shu orqali YUNESKO maqsad-vazifalarini ilgari surishga qo‘shgan beqiyos hissasiga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuqori bahoning yorqin namunasi bo‘ldi.
O‘zbek xalqining ardoqli farzandi, betakror isteʼdod sohibi Tavakkal Qodirov qo‘shiqchilik sanʼati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan hofiz edi. U 1926-yilning 10-iyunida Quva tumanidagi Sultonobod qishlog‘ida Qodir ota va To‘ti buvi oilasida tavallud topgan.
1989-yilda o‘zbek qo‘shiqchilik sanʼatini rivojlantirishga qo‘shgan katta xizmatlari uchun unga “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni berilgan. Tavakkal Qodirov faoliyati davomida Farg‘ona davlat filarmoniyasiga ko‘p yillar rahbarlik qilib, xalqimiz mehr-muhabbatini qozondi. U o‘z qo‘shiqlari bilan Markaziy Osiyogagina emas, balki butun dunyoga xalqimiz dovrug‘ini yoydi. Yuzdan ziyod ko‘shiqlari o‘zbek sanʼatining oltin fondidan joy oldi.
Hofiz eron, hind, arman, ozarbayjon, uyg‘ur, arab kabi jahon xalqlarining ko‘p tillarida qo‘shiqlar yaratib, yurtimiz va jahonda minglab sanʼat ixlosmandlarining tahsiniga sazovor bo‘lgan.
2026–2027-yillarda Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligini nishonlash – turli xalqaro va mahalliy tadbirlarni tashkillashtirish, o‘zbek musiqa va qo‘shiqchilik sanʼatining buyuk namoyondasining ijodiy merosi va xalqimizning betakror madaniyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
“Anna German qo‘shiqlari” festivalida yurtdoshlarimiz sovrindor bo‘ldi