O‘zbekiston Prezidenti Qashqadaryo salohiyatini to‘liq ishga solish, aholi daromadini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi

Oktabr 22, 2026. 15:15 • 6 daq

• 73
O‘zbekiston Prezidenti Qashqadaryo salohiyatini to‘liq ishga solish, aholi daromadini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi

TOSHKЕNT, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi so‘zini yig‘ilish ishtirokchilarini O‘zbek tili bayrami bilan tabriklashdan boshladi. Qashqadaryo farzandi, O‘zbekiston Qahramoni va davlat madhiyamiz muallifi Abdulla Oripovning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

– Kecha viloyatning shahar va tumanlarida, mahallalarida bo‘lgan o‘zgarishlarni, tadbirkor, investor, yoshlarning ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, juda katta kuch oldim, – dedi davlatimiz rahbari.

Bir necha yil avval eng murakkab vaziyatdagi hududlardan biri bo‘lgan Qashqadaryoni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Joriy yilning to‘qqiz oyida sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligida o‘sishga erishildi. Biroq viloyatning hozirgi natijalari uning boy resurslari va inson salohiyatiga hali to‘liq mos kelmayotgani ta’kidlandi.

Qashqadaryo iqtisodiyotining o‘sishi uchun, avvalo, sanoatda qo‘shilgan qiymatni oshirish zarur. Viloyatdagi gaz, elektr energiyasi va yer osti boyliklari tayyor mahsulot ishlab chiqarishga xizmat qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda “GTL” zavodidagi yangi loyihalar, naftadan polimer va neft-kimyo mahsulotlari olish, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini kengaytirish hamda kichik tonnajli kimyoni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mas’ullarga 20 milliard dollarlik loyihalar va 50 ming ish o‘rnini qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.

Bu loyihalar yirik korxonalar atrofida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham birlashtirishi lozim. Shuning uchun viloyatda oltita sanoat klasteri tashkil etiladi, “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasining filiallari ochiladi. Ularning infratuzilmasi uchun dastlab 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Zamonaviy traktor va qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, agrodronlar ishlab chiqarish ham shu yo‘nalishdagi vazifalardan bo‘ldi.

Sanoat o‘sishi barqaror energiya ta’minotiga ham bog‘liq. Kelasi yil viloyatda “Masdar” kompaniyasining 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash quvvati ishga tushiriladi. Qarshi tumanida chiqindidan elektr olish loyihasi yakunlanmoqda. Yangi quvvatlarni iste’molchilarga yetkazish uchun Nishon va Ko‘kdalada yirik podstansiyalar qurish, Tolimarjon – So‘g‘diyona yo‘nalishidagi 245 kilometrlik elektr tarmog‘ini tugallash vazifalari qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligi ham aholi daromadini oshirishning muhim manbai sifatida ko‘rib chiqildi. Viloyatda ushbu sohaning o‘zida qo‘shimcha 200 ming kishini daromadli qilish imkoniyati bor. Jahon banki bilan Misr tajribasi asosida sakkizta tumandagi 100 ming gektar yaylovga dronlar yordamida qurg‘oqchilikka chidamli chorva ozuqasi ekiladi, chorvachilik komplekslari tashkil etiladi. G‘uzorda 10 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, dehqonlarga beriladi. Kosmik ma’lumotlar asosida aniqlangan yana 30 ming gektar maydonni o‘zlashtirishga misrlik mutaxassislar jalb qilinadi.

Yerdan samarali foydalanish uchun suv ta’minoti ham yaxshilanadi. Qashqadaryoda ekin maydonlariga suv yetkazish qimmatga tushayotgani sababli kelasi yil 265 kilometr kanal betonlashtiriladi, 20 ta nasos yangilanadi. Fermerlar bilan birga 75 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Bu yil qurilgan kichik suv hovuzlari tajribasi yana beshta tumanda kengaytiriladi.

Aholining toza ichimlik suviga ehtiyoji alohida muhokama qilindi. Ajratilgan mablag‘lar hisobidan 747 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i hamda 43 ta inshoot qurilishi yakunlanib, 200 ming kishi toza suv bilan ta’minlanadi. Hisorak suv omboridan Qarshi shahri va atrofdagi tumanlarga tarmoq tortish yana 350 ming aholiga xizmat qiladi. Tolimarjon – Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish esa beshta tumandagi 700 ming kishining suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.

Hududlar o‘rtasidagi aloqani yengillashtirish uchun yo‘l loyihalari ham belgilandi. Osiyo taraqqiyot banki bilan A-380 avtomobil yo‘lining viloyatdan o‘tuvchi 100 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi. Qarshi shahri aylanma yo‘li ushbu magistralga ulanadi. Poyezd o‘tayotgan vaqtda tirbandlik yuzaga keladigan ikki temir yo‘l kesishmasida zamonaviy yo‘l o‘tkazgichlar quriladi.

Yig‘ilishda yirik loyihalarning samarasi har bir mahallada sezilishi kerakligiga e’tibor qaratildi. Qamashi tumanidagi Chim mahallasida maktab, bog‘cha, poliklinika, yoshlar markazi, sport majmuasi va istirohat bog‘i barpo etildi. Eng muhimi, mahallada kambag‘al oila va ishsiz aholi qolmadi. Kelgusi yil Mustaqillik bayramigacha shu tajriba asosida har bir tumanda ikkitadan zamonaviy mahalla markazi tashkil etiladi. Mirishkorda limonchilik, baliqchilik va bog‘dorchilik loyihalari boshlanadi, ijaraga berilgan yerlarda yuqori daromadli ekinlar yetishtirish kengaytiriladi.

Bunday tashabbuslarni amalga oshirishda banklar faqat yangi kredit mahsulotlarini taklif etish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Ularning ishi resurs olgan korxonalar soni va biznesning o‘sishi bilan baholanadi. Kredit ajratishda pul oqimi va aniq buyurtmalarni hisobga olish, tadbirkorlardan so‘raladigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish vazifasi qo‘yildi.

Qashqadaryoning tabiiy imkoniyatlari turizmda ham yangi ish o‘rinlari yaratishi mumkin. Yil boshidan viloyatga 2,5 million sayyoh kelgan, G‘elon qishlog‘ining o‘ziga tashrif buyurganlar soni 500 mingga yetgan. G‘elonda tog‘-chang‘i kurortining birinchi bosqichini ishga tushirish, boshqa tog‘ qishloqlarida etnoturizm, Shahrisabz tumanida rafting va sport turizmini rivojlantirish rejalashtirilgan. Olti qishloq bo‘yicha master-rejalar tayyorlanib, 50 million dollarlik loyihalar boshlanadi.

Yangi ish o‘rinlariga yoshlarning kasbiy tayyorgarligi ham muhim. Qarshi shahridagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumining Germaniyada malaka oshirgan 32 nafar ustasi hozir viloyatdagi 57 ta texnikum ustalarini o‘qitmoqda. Bu yerda o‘quvchilar maktab attestati bilan birga kasbiy sertifikat oladi, germaniyalik mutaxassislar esa yoshlarga til va kasb o‘rgatadi. Mas’ullarga maktablar bilan texnikumlar o‘rtasida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishning aniq tizimini yaratish topshirildi.

Qashqadaryolik o‘quvchilarning natijalari ham e’tirof etildi. Qarshi shahridagi Prezident maktabi “Cambridge” imtihonlarida respublikada eng yuqori natijani qayd etdi, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi “Zakovat” turnirida g‘olib bo‘ldi. Kosonlik Murodjon Xalimov SAT imtihonida maksimal 1600 ball to‘pladi. Kelasi yildan har bir tumanda bittadan maktabda aniq fanlar chet tilida o‘qitiladi. Shuningdek, barcha tumanlarda robototexnika to‘garaklari ochilib, o‘quvchilar o‘rtasida har yili chempionat o‘tkaziladi.

Viloyatning kelgusi o‘sishi shaharsozlikda ham oldindan puxta rejalashtirishni talab etadi. Qarshi shahri, Ko‘kdala va Qarshi tumani chegarasida 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Qarshi shahri, Qarshi tumanida esa “Ko‘hna Nasaf” ekomajmuasi barpo etiladi. Nufuzli arxitektura kompaniyalari ishtirokida bosh reja ishlab chiqilib, yangi hududlar “yashil” va “aqlli” shahar tamoyillari asosida quriladi.

Shu bilan birga, mahallalarda ko‘chat ekish va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha “Qashqadaryo tajribasi” yo‘lga qo‘yiladi. Har yili Navro‘z arafasida “Eng yashil mahalla” tanlovi o‘tkaziladi.

Yig‘ilish yakunida viloyat va tumanlar hokimlarining axboroti tinglandi, faollar bilan muloqot qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish