San-Fransiskoda “Samarqand raqamli markazi” ishga tushirildi

May 21, 2026. 18:55 • 2 daq

2
San-Fransiskoda “Samarqand raqamli markazi” ishga tushirildi

TOSHKENT, 21-may. /“Dunyo” AA/. AQSHning San-Fransisko shahrida “Samarqand raqamli markazi” nomli yangi innovatsion platforma rasman ish boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ozarbayjonning “The Caspian Post” axborot-tahliliy portali maʼlum qilishicha, ushbu tashabbus O‘zbekistonning global raqamli iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish, IT mutaxassislari va startap jamoalarini xalqaro texnologik muhit bilan bog‘lashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Markaz samarqandlik startapchilar, dasturchilar va innovatorlarga AQSH hamda boshqa yirik texnologik bozorlarga chiqish, investitsiyalar jalb etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkonini yaratadi. Loyihaning asosiy maqsadi – yoshlarning innovatsion salohiyatini global darajaga olib chiqishdan iborat.

Ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, markaz infratuzilmasi, texnologik imkoniyatlari va startaplar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashabbus doirasida “Samarqand raqamli markazi” hamda AQSHning “Humonola Inc” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv startap loyihalarini rivojlantirish va o‘zbek innovatorlarining global bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur markaz O‘zbekistonning IT va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, xalqaro investorlar bilan texnologik hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma vazifasini bajaradi.

Umuman, “Samarqand raqamli markazi” loyihasi O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish strategiyasining muhim qismi bo‘lib, mamlakat yoshlarining innovatsion salohiyatini global texnologik hamjamiyat bilan bog‘lashda muhim ahamiyatga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish