O‘zbekiston Prezidenti YETTB rahbarini qabul qildi
Noyabr 10, 2026. 23:05 • 2 daq
• 63
TOSHKENT, 10-noyabr./“Dunyo”AA/. Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP31 sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston olti yildan buyon YETTBning mintaqadagi eng yirik moliyaviy hamkori bo‘lib kelmoqda. Loyihalar portfeli 7 milliard dollardan, 2025-yilda amaliyotlar hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi.
Bankning “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. Uning mamlakatimizga kiritgan sarmoyalarining qariyb 60 foizi ushbu yo‘nalishdagi loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kelgusi yil uchun hamkorlikning elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarini rivojlantirish, bank sohasida xususiylashtirishni amalga oshirish, Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
2027-yilda Xorijlik investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi