Yaponiyalik yosh tadqiqotchilar O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi
Avgust 13, 2026. 16:30 • 2 daq
• 108
TOKIO, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari Keyo universiteti talabalari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Keyo universitetining xalqaro masalalarni o‘rganishga ixtisoslashgan “Students Association for International Issues” tashkiloti aʼzolari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tashqi siyosati va mintaqaviy o‘rni xususida fikr-mulohaza almashildi.
Diplomatlarimiz yaponiyalik yosh tadqiqotchilarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berdi. Jumladan, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, inson kapitali va taʼlim salohiyatini oshirish, energetik xavfsizlikni taʼminlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish hamda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosati, Markaziy Osiyodagi o‘rni va mintaqaviy hamkorlik masalalari, tabiiy resurslar hamda energetika sohasining milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati xususida fikr almashildi. Talabalarning O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi, energetika siyosati va tashqi aloqalariga oid savollariga batafsil javob qaytarildi.
Keyo universiteti tadqiqotchilari joriy yilning 9–16-sentyabr kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga ilmiy-tadqiqot safari amalga oshirishni rejalashtirgan. Ushbu tashrif doirasida mamlakatimizning tabiiy resurslari va energetika siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari o‘rganiladi.
Safar dasturidan, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari ofislari va qo‘shma investitsiyaviy loyihalar bilan tanishish ham o‘rin olgan.
1858-yilda tashkil etilgan Keyo universiteti Yaponiyaning nufuzli xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetda qariyb 34 ming talaba tahsil oladi. “QS World University Rankings 2027” reytingida Keyo universiteti 213-o‘rinni egallagan bo‘lib, Yaponiyaning eng yaxshi 10 ta universiteti qatoriga kiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi