Logo

O‘zbekiston Prezidenti Vashingtonda AQSh savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

Fevral 19, 2026. 00:25 • 51 soniya

44
O‘zbekiston Prezidenti Vashingtonda AQSh savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

TOSHKENT, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi 18-fevral kuni AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston – AQSh strategik sherikligini yanada mustahkamlashning amaliy jihatlari, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning asosiy sheriklaridan biri ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi 1 milliard dollardan oshdi, mamlakatimiz bozorida AQShning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

Energetika, o‘ta muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bugun ishbilarmonlik tadbirlari doirasida bir qator muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Ustuvor loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash uchun yaqinda tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.

Savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish