Logo

O‘zbekiston elchisi Saudiya Arabistoni Xalqaro arab tili akademiyasida tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan suhbat o‘tkazdi

Fevral 19, 2026. 09:00 • 2 daq

78
O‘zbekiston elchisi Saudiya Arabistoni Xalqaro arab tili akademiyasida tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan suhbat o‘tkazdi

AR-RIYOZ, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Qirol Salmon nomidagi Xalqaro arab tili akademiyasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unovning taʼkidlashicha, bugungi kunda ushbu akademiyada to‘qqiz nafar yurtimiz yoshlari arab tili o‘rganish kurslarida to‘liq grant asosida tahsil olmoqda. Ulardan ikki nafari malaka oshirish hamda yetti nafari boshlang‘ich arab tili kurslarida o‘qimoqda.

Uchrashuv davomida talabalarning o‘qish jarayoni, yashash sharoiti va ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. Talabalarning taklif va tashabbuslari tinglandi, ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatilishi taʼkidlandi.

Diplomatlar Saudiya Arabistoni oliygohlarida o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun zarur shart-sharoitlarning mavjudligi, yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun davlat tomonidan keng imkoniyatlar berilayotgani atroflicha tushuntirildi.

Shu bilan birga, diniy yo‘nalishda taʼlim olgan yoshlar ayrim hollarda mazhab masalasida ikkilanishlarga duch kelayotgani, achinarlisi, ular orasida radikallashuv alomatlari kuzatilayotgani aytildi. Fuqarolarimizning turli terroristik tashkilotlar yoki ekstremistik oqimlarga aralashishiga ularning diniy bilimsizligi sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Uchrashuvda Saudiyadagi taʼlim imkoniyatlari, arab tilini chuqur o‘rganish afzalliklari hamda kelgusidagi kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida fikr almashildi. Talabalar elchixona diplomatlariga doimiy ravishda eʼtibor ko‘rsatilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish