Logo

“The Gulf Observer”: Adulla Oripov sheʼriyatida milliy va umuminsoniy g‘oyalar uyg‘unlashib ketgan

Fevral 19, 2026. 09:50 • 2 daq

41
“The Gulf Observer”: Adulla Oripov sheʼriyatida milliy va umuminsoniy g‘oyalar uyg‘unlashib ketgan

ISLOMOBOD, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning nufuzli “The Gulf Observer” elektron nashrida “Abdulla Oripov sheʼriyatining o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga taʼsiri” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tahliliy maqola taniqli pokistonlik jurnalist Muhammad Ali Posho qalamiga mansub bo‘lib, unda zamonaviy o‘zbek sheʼriyatining yirik namoyondasi, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ijodi chuqur tahlil etilgan.

Muallifning taʼkidlashicha, Abdulla Oripov zamonaviy o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, milliy sheʼriyat ravnaqiga yangi ruh va mazmun baxsh etgan siymolardan biridir. Uning ijodida til imkoniyatlaridan mohirona foydalanish, sheʼriy shakl va ifodadagi izlanishlar, eng muhimi, umuminsoniy g‘oya va qadriyatlarning teran talqini yaqqol namoyon bo‘ladi.

Maqolada qayd etilishicha, Abdulla Oripov sheʼriyatida milliy va umuminsoniy g‘oyalar uyg‘unlashib ketgan. Uning asarlari tarix, anʼana va maʼnaviyat manbalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, o‘quvchiga o‘zbek xalqining o‘ziga xos tafakkuri, ruhiy olami va madaniy merosini teranroq anglash imkonini beradi. Shu jihatdan, shoir ijodi nafaqat adabiy hodisa, balki o‘zbek xaqli ruhiyatini ifoda etuvchi maʼnaviy ko‘zgu sifatida ham qadrlanadi.

Muhammad Ali Posho shoirning sheʼriy shakl va uslubdagi tajribalariga alohida urg‘u beradi. Uning fikricha, shoirning turli mavzularni dadil va keng qamrovda yoritishi, badiiy ifoda imkoniyatlarini kengaytirishga intilishi keyingi avlod o‘zbek shoirlari uchun ilhom manbaiga aylangan. Bugungi kunda ham ko‘plab zamonaviy ijodkorlar Abdulla Oripovni o‘zlariga ustoz deb biladi, uning boy adabiy merosi esa yangi avlod qalam ahlini yuksak maqsadlar sari yetaklashda davom etmoqda.

Nashrda taʼkidlanganidek, Abdulla Oripov asarlari rus, ingliz, fransuz va boshqa qator tillarga tarjima qilinib, xalqaro antologiya va adabiy jurnallarda chop etilgan. Bu o‘z navbatida zamonaviy o‘zbek adabiyotini jahon adabiy maydoniga olib chiqishda, milliy o‘zbek madaniyatining boyligi va o‘ziga xosligini dunyo jamoatchiligiga tanitishda muhim omil bo‘lgan.

Maqolada Abdulla Oripov qalamiga mansub qator sheʼrlarga batafsil sharhlar berilgan. Ularda shoir ilgari surgan ezgu va chin insoniy g‘oyalarning bugungi kundagi ahamiyati, sheʼriyatning tinchlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini kuchaytirishdagi o‘rni alohida taʼkidlanadi.

Muallif qayd etganidek, Abdulla Oripov sheʼriyati inson qalbining eng nozik torlarini cherta olishi, his-tuyg‘u va kechinmalarni yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etishi bilan ajralib turadi. Shu bois uning ijodi vaqt va makon chegaralarini tan olmaydigan, hamisha barhayot va taʼsirchan maʼnaviy meros sifatida qadrlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish