Vengriya Prezidenti isteʼfoga chiqishga rozi bo‘ldi

Iyul 19, 2026. 16:00 • 2 daq

256
Vengriya Prezidenti isteʼfoga chiqishga rozi bo‘ldi

BUDAPESHT, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Vengriya Prezidenti Tamash Shuyok o‘z vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga imkon beruvchi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Euronews” telekanaliga tayanib.

Uning prezidentlik vakolatlari muddati 2029-yilda yakunlanishi kerak bo‘lgan. Ushbu tuzatish tashabbusi bilan Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar chiqqan edi. 13-iyul kuni mazkur hujjatni parlamentning 199 nafar deputatidan 139 nafari qo‘llab-quvvatladi. O‘zgarishlar kuchga kirgach, Tamash Shuyokning vakolatlari tugatiladi.

Prezidentning o‘zi ushbu tuzatish mazmuniga rozi emasligini bayon qilib, uni “siyosiy hokimiyatni suiisteʼmol qilishning sharmandali tarixiy namunasi” deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi o‘zgartirish hokimiyatlarning bo‘linishi va qonun ustuvorligi tamoyillariga zarar yetkazadi. Vengriyaning sobiq Bosh vaziri Viktor Orban ham ushbu qarorni tanqid qilib, bunday mexanizm boshqa davlat institutlari uchun ham xavf tug‘dirishini bayon etdi.

Peter Madyar bundan oldin Viktor Orbanning ittifoqchisi hisoblangan Tamash Shuyok jamiyat ishonchini yo‘qotganini daʼvo qilgan edi. Dushanba kunidan boshlab prezident vazifasini vaqtinchalik parlament spikeri Agnesh Forstxoffer bajaradi. Keyinchalik parlament yangi davlat rahbarini saylashi lozim.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish