“Traditsiya” jurnali: Rossiya sayyohlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda

Iyul 19, 2026. 13:20 • 2 daq

163
“Traditsiya” jurnali: Rossiya sayyohlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda

SANKT-PETERBURG, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning ommabop “Traditsiya” jurnalida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik hamda yurtimizning boy sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi chog‘ida imzolangan “Yo‘l xaritasi” hamda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turizm bo‘yicha kichik komissiyaning uchinchi yig‘ilishi natijalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha Rossiyaning 984 mingdan ortiq fuqarosi yurtimizga tashrif buyurgan. O‘zbekiston rossiyalik sayohatchilar uchun eng ommabop yo‘nalishlardan biriga aylangani til to‘sig‘ining yo‘qligi, qulay parvozlar, yuqori servis hamda noyob madaniy meros bilan izohlangan.

Shuningdek, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro haqida alohida so‘z yuritilgan. Minorai Kalon, Somoniylar maqbarasi, Ark qalʼasi, Labi Hovuz kabi obidalarning tarixiy ahamiyati keng yoritilgan.

Shaharning asriy meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish va infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berilgan.

Maqola yakunida xorijlik mehmonlar uchun Buxoroga sayohat qilishning eng qulay va tezkor yo‘li “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlari ekani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish