Logo

Turkiyaning “Genç Okur” jurnali Buxoroning boy tarixi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida yozdi

Fevral 25, 2026. 16:52 • 2 daq

59
Turkiyaning “Genç Okur” jurnali Buxoroning boy tarixi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida yozdi

ANQARA, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning ommabop “Yosh o‘quvchi” (Genç Okur) jurnalida “Musulmonlar uchun eng qadrli yetti shahardan biri — Buxoroi Sharif” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Buxoroni insonni lol qoldiruvchi go‘zalliklarga ega, har qadamida avliyolar nafasi ufurib turgan ajib bir makon sifatida taʼriflaydi. Nashrda shaharning 2500 yillik arxeologik tarixiga to‘xtalib, yer qatlamlari ostidan topilgan qadimgi harbiy istehkomlar va noyob tangalar Buxoroning Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yashash manzillaridan biri ekaniga dalil sifatida keltirilgan.

Muallif XIX asrda shaharda 103 ta madrasa faoliyat yuritgani, bugungi kunda ham Mir Arab, Ulug‘bek va Abdullohxon madrasalari mintaqadagi eng nufuzli ilm maskanlari sifatida o‘z obro‘sini saqlab kelayotganini alohida qayd etgan. Shuningdek, Buxoroning sanskritcha “vihara” (ibodatxona) so‘zidan kelib chiqqan nomi va uning ilk islom davridagi ahamiyati haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan.

Maqolada Buxoro valiylar va tasavvuf taʼlimotining beshigi sifatida tavsiflanadi. Xususan, Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk zotlarning maqbaralari dunyo musulmonlari intiladigan muqaddas qadamjolar ekani bayon etilgan.

Yakunda nashr Buxoroni shunchaki ziyoratgoh emas, balki inson ruhiyati orom oladigan, tarix va maʼnaviyat uyg‘unlashgan noyob shahar sifatida eʼtirof etadi. Qizilqum cho‘li bag‘rida joylashgan ushbu ko‘hna kentning madaniy qatlamlari kuchli muhofaza etilgani va zamonaviy qurilishlar eski shahar qismiga kirib kelmagani yapon va turk sayyohlari uchun uning jozibasini yanada oshirishi taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish