Logo

O‘zbekiston Prezidenti neft va gaz tarmog‘iga doir topshiriqlar ijrosi borishini ko‘rib chiqdi

Fevral 23, 2026. 21:05 • 2 daq

109
O‘zbekiston Prezidenti neft va gaz tarmog‘iga doir topshiriqlar ijrosi borishini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, joriy yil 30-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun davlatimiz rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Avvalo, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari bo‘yicha narxlarni qayta ko‘rib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid bo‘lmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 2026-2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida maʼlumot berildi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish