O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar
Avgust 23, 2026. 19:00 • 2 daq
• 43
TOSHKENT, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va eʼtirofining ifodasi ekanini taʼkidladi.
– Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak eʼtirof uchun mamlakatimiz yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma saʼy-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani taʼkidlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Taʼkidlash joizki, “Haydar Aliyev” ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi