Chin Ok Don: O‘tgan o‘n yillar davomida O‘zbekiston katta va sermazmun taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tmoqda
Avgust 25, 2026. 16:00 • 2 daq
• 33
SEUL, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning eng yirik "Shinhan Financial Group" moliyaviy xoldingi raisi Chin Ok Don mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklash men uchun katta sharaf.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun mamlakat iqtisodiy salohiyatini ishonch bilan namoyon etayotgan, keng ko‘lamli islohotlarni izchil amalga oshirayotgan va jahon iqtisodiyotiga tobora faol integratsiyalashayotgan davlat sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar alohida eʼtiborga sazovor. Iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlash, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamlashtirish va moliya sektorini modernizatsiya qilish mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Zamonaviy va barqaror moliya tizimi iqtisodiyot taraqqiyotining muhim asoslaridan biridir. Samarali moliya tizimi tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda aholi va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shu bois, kompaniyamizning xalqaro tajribasiga tayangan holda, O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyatlari va ehtiyojlarini inobatga olib, mamlakatdagi faoliyatimiz va hamkorligimizni yana-da kengaytirishga intilayapmiz.
Bugun Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar moliyaviy hamkorlik bilan cheklanib qolmayapti. Mamlakatlarimizni faol muloqot, o‘zaro ishonch va qo‘shma loyihalarga asoslangan mustahkam do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari bog‘lab turibdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun hali ko‘plab imkoniyatlar mavjud. O‘zbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati, yosh va faol avlodi, innovatsiyalarga intilishi hamda yangi g‘oyalarga ochiqligi Koreyaning texnologik va moliyaviy imkoniyatlari bilan uyg‘unlashib, yangi qo‘shma loyihalar va muvaffaqiyatlar uchun mustahkam zamin yaratadi.
“Shinhan Financial Group” bundan keyin ham O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib qolish, mamlakat moliya sektorini rivojlantirishga ko‘maklashish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va Janubiy Koreya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shish niyatida.
Qutlug‘ ayyom arafasida O‘zbekiston xalqiga chin dildan tinchlik, farovonlik, birdamlik va taraqqiyot tilayman.
Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari yana-da mustahkamlansin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi