Moskvada O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlari namoyish qilindi

Avgust 25, 2026. 18:00 • 2 daq

10

MOSKVA, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Rossiyaning “Kaytan” sayyohlik agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimizning turizm va madaniy salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Rossiya madaniyat va sanʼat arboblari, milliy madaniyat markazlari faollari hamda Rossiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Rossiyaning eng yaxshi 100 nafar maʼruzachisi qatoriga kiruvchi sanʼatshunos Galina Minakovaning nutqi tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. U O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan taqdimotida 2026-yil iyul oyida Toshkentning modernistik meʼmorchilik inshootlari YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini alohida taʼkidladi. Ushbu obyektlar tarkibiga O‘zbekiston poytaxtining 10 ta ramziy modernistik binosi va shahar majmualari kirishi qayd etildi.

Maʼruzachi anʼanaviy o‘zbek naqshlarining ramziy maʼnolarini ochib berdi va tinglovchilarni ko‘p asrlik anʼanalar prizmasi orqali mintaqaning madaniy qadriyatlari bilan tanishtirdi. Mashhur “Lazgi” Xorazm raqsining jonli ijrosi milliy bayram muhitini yana-da boyitdi.

Tadbir davomida “Kaytan” loyihasi asoschisi Fotima Tambiyeva O‘zbekistonning qadimiy shaharlari – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaning madaniy-sayyohlik imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Taqdimot doirasida 2026-yil 12–22-oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir haqida ham maʼlumot berildi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markaz tomonidan tayyorlangan respublikaning boy tarixiy merosi, tabiiy landshaftlari va gastronomik salohiyati haqidagi rang-barang videoroliklar namoyish etildi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan taqdim qilingan ekspozitsiya va materiallar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Stendlarda O‘zbekistonning asosiy diqqatga sazovor joylari, turizm infratuzilmasining rivojlanishi hamda mamlakat bo‘ylab dam olish va sayohat qilish uchun zamonaviy imkoniyatlar haqidagi sayyohlik bukletlari, broshyuralar va axborot materiallari joylashtirildi.

Zaldagi milliy burchakda anʼanaviy o‘zbek suvenirlari – naqshinkor sopol buyumlar, bezakli ko‘zalar, milliy cholg‘u asboblari, mashhur o‘zbek to‘qimachilik namunalari hamda anʼanaviy bosh kiyimlar namoyish etildi. Ekspozitsiya O‘zbekiston xalq amaliy-bezak sanʼatining boyligi va o‘ziga xosligini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Tadbir yakunida yutuqli o‘yinlar tashkil etilib, unda g‘olib bo‘lganlarga turli sovg‘alar, jumladan, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasidan ikki kishilik to‘rtta aviachipta taqdim etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish