Bangladesh TIV rahbari BMT Bosh Assambleyasining yangi raisiga aylandi

Avgust 25, 2026. 17:30 • 2 daq

88
Bangladesh TIV rahbari BMT Bosh Assambleyasining yangi raisiga aylandi
“BMT yangiliklari”portalidan olingan surat

NYU-YORK, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Bangladesh tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmon BMT Bosh Assambleyasi raisi etib saylandi va Germaniya TIV sobiq rahbari Annalena Berbokning o‘rnini egalladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “BMT yangiliklari” manbasiga tayanib.

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida Xalilur Rahmon nomzodini Bosh Assambleyaning 190 aʼzosidan 99 nafari qo‘llab-quvvatladi. Uning raqibi, Kiprning ko‘p tomonlama masalalar bo‘yicha maxsus vakili Andreas Kakuris esa 91 ta ovoz to‘pladi.

“Janob Xalilur Rahmon zarur miqdordagi ko‘pchilik ovozini to‘plab, Bosh Assambleya raisi etib saylandi”, – deya maʼlum qildi ovoz berish yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi raisi Annalena Berbok.

Bangladeshlik diplomat sentyabr oyida Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi boshlanishi bilan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Uning vakolat muddati bir yilni tashkil etadi.

72 yoshli Xalilur Rahmon diplomatik faoliyatini 1979-yilda boshlagan. U Bangladeshning BMTdagi doimiy vakolatxona va BMT Kotibiyatida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, u Bosh Assambleya 41-sessiyasi raisi yordamchisi bo‘lgan. BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi tizimida ishlagan.

Xalilur Rahmon joriy yil fevral oyidagi saylovlardan so‘ng Bangladesh tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalilur Rahmonni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi rais qurolli mojarolar, davlatlar o‘rtasidagi ixtiloflar, tengsizlikning kuchayishi va iqlim inqirozi kabi jiddiy global muammolar davrida o‘z vazifasiga kirishmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi raisi Annalena Berbokning vakolatlari yakunlangach, u Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida o‘qituvchilik qilishi mumkin, deya xabar beradi “DW” nashri. U BMTdagi bu lavozimni 2025-yil sentyabr oyidan beri egallab kelmoqda.

“BMT yangiliklari”portalidan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish