O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Turkiyaning nufuzli nashrida yoritildi

Iyul 09, 2026. 14:30 • 2 daq

114
O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Turkiyaning nufuzli nashrida yoritildi

ANQARA, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi “The Voice of Travel” jurnalida O‘zbekistondagi turizm va sayyohlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turkiya Sayyohlik agentliklari uyushmasi (TÜRSAB) nashrida yoritilgan maqolada yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy shaharlari, milliy urf-odat va anʼanalari hamda betakror gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berilgan.

Ushbu jurnal Turkiya turizm industriyasi ishtirokchilari, mehmonxonalar va aviakompaniyalar uchun eng muhim axborot manbalaridan biri hisoblanadi.

Nashr bugungi kunda O‘zbekistonda zamonaviy turistik infratuzilma jadal rivojlanayotganiga alohida urg‘u bergan. Xususan, xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayib borayotgani, mehmonxona va servis xizmatlari sifatining tubdan oshirilayotgani xorijlik, ayniqsa, turk sayyohlari uchun juda katta qulayliklar yaratmoqda.

Mamlakatimizda madaniy va ekoturizm bilan bir qatorda ziyorat turizmi yo‘nalishi alohida o‘rin tutishi qayd etilgan.

Ushbu maqolaning Turkiyaning yetakchi ixtisoslashgan nashrida eʼlon qilinishi O‘zbekistonning xalqaro turistik imijini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa vatanimizning boy turizm salohiyatini yirik turistik agentliklar o‘rtasida keng targ‘ib qilinishiga zamin yaratib, o‘zaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada kengaytiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish