Norvegiyadagi xalqaro tadbirda O‘zbekistonning migratsiya siyosati taqdim etildi

Noyabr 09, 2026. 18:42 • 2 daq

• 93
Norvegiyadagi xalqaro tadbirda O‘zbekistonning migratsiya siyosati taqdim etildi
Norvegiyadagi xalqaro tadbirda O‘zbekistonning migratsiya siyosati taqdim etildi

OSLO, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) Norvegiya Immigratsiya boshqarmasi (UDI) bilan hamkorlikda diplomatik missiyalar uchun migratsiya sohasidagi global hamkorlik, ixtiyoriy qaytish va migrantlarni reintegratsiya qilishga bag‘ishlangan yillik seminar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda UDI bosh direktori Snorre Seter, Norvegiya Adliya va jamoat xavfsizligi vazirligi, XMT shtab-kvartirasi va Yevropa Ittifoqi vakillari, shuningdek, 50 dan ortiq elchixonalar rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston mazkur seminarda ilk bor qatnashdi.

Panel sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurimbetov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan migratsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, 2026-yil 2-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar haqida so‘zlab berdi. U so‘nggi yillarda O‘zbekistonda uyushgan mehnat migratsiyasi geografiyasi 3 ta davlatdan 27 taga kengayganini qayd etdi.

Elchi yangi sharoitda O‘zbekiston yevropalik hamkorlarga o‘zaro manfaatli sheriklik modelini taklif etayotganini ta’kidladi. Bunga amaliy misol sifatida O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida migratsiya va readmissiya sohasidagi hujjat imzolangani, shuningdek, mazkur hujjat diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejimni ham nazarda tutishi keltirib o‘tildi.

Diplomat shunga o‘xshash model izchil ravishda Norvegiya va Daniyada ham ilgari surilayotganini, bu borada migratsiya idoralari, ish beruvchilar uyushmalari va diplomlarni tan olish tuzilmalari bilan amaliy ishlar olib borilayotganini bildirdi.

Seminar doirasida Norvegiya Adliya va jamoat xavfsizligi vazirligi hamda Immigratsiya boshqarmasi vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda mazkur sohadagi ikki tomonlama hamkorlik formatlari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish