Italiya ilk bor o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga jalb qila boshladi
Noyabr 02, 2026. 08:10 • 2 daq
• 305RIM, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondan 40 nafar qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Italiyada ilk bor mavsumiy mehnat faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Loyiha ishtirokchilari ikki oy davomida italyan tilini o‘rganib, tegishli treninglardan o‘tdi. Ular Italiyaning “SALVI” kompaniyasida meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohasiga jalb qilindi.
29-oktyabr kuni loyihaning boshlanishi munosabati bilan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Emiliya-Romanya hududiga tashrif buyurib, tantanali marosimda ishtirok etdi.
Tashrif chog‘ida hamyurtlarimizning yashash va ish joylari ko‘zdan kechirilib, ularning fikr-mulohazalari o‘rganildi. Ishchilar ish haqi yuqori ekani, yotoqxona va transport vositalari ish beruvchi tomonidan taqdim etilayotganini ta’kidladi.
Ushbu mehnat migratsiyasi dasturi o‘zbekistonliklarning bandligini ta’minlash, Italiyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda mamlakatimizda joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda xorijiy tomon o‘zbekistonliklarning mehnatsevarligi va tez o‘rganuvchanligini qayd etib, kelgusida qishloq xo‘jaligi sohasida yana 1 ming nafar ishchini qo‘shimcha yollash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, Italiyaga keladigan fuqarolar sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini ochish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


